Zamonaviy matbaada chop etishning ikki turi bor – raqamli va ofset. Chop etishning ikkala usuli o‘z afzalliklari va xususiyatlariga ega. Chop etishning bu turlari ham kichik korxonalar, ham yirik kompaniyalar egalari tomonidan keng talabga ega.
Raqamli bosma qisqa muddat ichida (odatda 1-2 soatda) bosma mahsulotning kichik adadini tayyorlash imkonini beradi. Biroq chop etishning bu turi ofset bosmaga qaraganda qimmatroq turadi. Materiallarning tayyorlanishi maxsus raqamli jihozda amalga oshadi, u turli elektron tashuvchilar – flesh disklardan fayllarni chop etadi. Bosmaning bu turida ofset emas, balki printerlardagi kabi quruq tonerni bevosita surtish texnologiyasi ishlatiladi. Bu turdagi chop etish uchun doimiy forma talab qilinmaydi va bir adad uchun bir nechta maketlardan foydalanish ham mumkin bo‘ladi. O‘z navbatida, raqamli bosma varaqli va keng formatli raqamli bosmaga bo‘linadi. Varaqli bosmadan tashrif qog‘ozlari, bukletlar, varaqalar, broshyuralar, kataloglar va h.k.lar tayyorlashda foydalaniladi. Keng formatli Outdoor (tashqi qo‘llash) va keng formatli Indoor (ichki qo‘llash) raqamli bosma tasvirlarnimaxsus materiallar: orakal, banner to‘ri, vinil, fotoqog‘oz, xolst, to‘qimachilik mahsulotlari va sh.k.larda tushirish uchun mo‘ljallangan. Raqamli bosmada odatda, Xerox, Epson, Canon, HP kabi jahon brendlarining raqamli lazerli va InkJet jihozlari qo‘llaniladi. Bosma, buyurtmachining ixtiyoriga ko‘ra, ham rangli, ham oq-qora bo‘lishi mumkin.
Ofset bosma – chop etishning bu turi o‘rta, katta yoki juda katta adaddagi bosma mahsulotlarga mo‘ljallangan, u pirovardida bir birlik nusxa tannarxini anchaga kamaytirish imkonini beradi. Ofset bosma raqamliga qaraganda ishlab chiqarish uchun anchayin ko‘p vaqt talab qiladi. Ko‘p hollarda broshyuralar, kataloglar, bukletlar, yon daftarlar va h.k. tayyorlashda ofset usulidan foydalanadilar. “Offset” ingliz tilidan tarjima qilganda “o‘tkazish” ma'nosini anglatadi, bu mazkur chop etish usuliga xosdir. Ofset bosmada qo‘shimcha Pantone bo‘yoqlar palitrasidan foydalanish mumkin, u yanada yorqin va sifatli tasvirga ega bo‘lish imkonini beradi.